Diktofon orqali sevgi izhori haqida

Operani yoqtirmasdim, ochig‘i. Nimasi qiziq, derdim. Sahnaga chiqvolib, birov tushunmagan tilda baqirishadimi-yey, xayol qilib yurardim o‘zimcha. Bu fikrlarimga aks-javobni mashhur operachi Feruza Ajimetovadan oldim. So‘ramadim, o‘zi aytdi.



9-iyul kuni Yoshlar ijod saroyida “Kamolot”da mehmonda” loyihasi doirasida “Kamolot” — jonli ijro tarafdori” mavzusida on-layn muloqot bo‘lib o‘tdi. Hozir mana shu muloqot haqida ozroq gaplashamiz. Aminmanki, sizning ham fikringiz ijobiy tomonga o‘zgaradi.

Avvalo, san’atimizda jonli ijroning defitsit bo‘lib borayotgani dolzarb masala. Bu muammoning masala sifatida ko‘tarilishi ham ayni muddao bo‘ldi. Aniqrog‘i, opera ijrochilarimiz ichidagi dardlarini ham to‘kib soldilar. Savol-javob va mulohazalardan bir qancha misollar keltiramiz. Aytgancha, mehmonlarni eslatib ketsam: O‘zbekiston xalq artisti Avazxon Rajabov, mashhur operachilar Nosir Yusupov, Feruza Ajimetova va Barno Ismatullayeva.

— Jonli ijro va fonogramma sahnada qanday farqlanadi? Qanday kechinmalar orqali tafovutini aniqlash mumkin?

Bu savolga Avazxon Rajabov chiroyli tarzda javob berdi:

— Jonli ijro — real voqelik, siz hozir ko‘rib, eshitib turgan hodisot. Fonogramma esa balki bir necha oy oldin, ehtimol yillar avval yozib olingan ijro, ovoz hisoblanadi. Fonogramma paytida miya va yurak faoliyati ikki xil harakat qiladi. Masalan, bir yigit o‘z sevgan qiziga “Men sizni sevaman” deb diktofon orqali yozib, sevgi izhor qilgani yaxshimi yoki oldiga borib, gul berib, hissiyot ila shu jumlalarni aytgani ma’qulmi? Eng katta farqi shunda.

Shu joyiga Nosir Yusupov qo‘shilib ketdi:

— Men ham fikrimni bildiray. Menimcha, bizni televideniye va internet orqali hamma ko‘radi. Dardlarimni aytib qolay (kuladi). Hozir juda achinarli ahvolga kelib qoldik. Falon san’atkor jonli ijroda kuylarkan desa, hayron qoladigan bo‘lganmiz. Aslida bu hayratlanarli emas, bu ularning ishi, shu orqali nonini halollab yeydi, topadi. Nega operachilar televizorda kam chiqadi, deysizlar. Bizni televizorda chiqadigan xonandalar bilan solishtirmang, bu umuman noto‘g‘ri. Rostini aytganda, bunga tomoshabin ham aybdor. Shunday ashulachilarni olqishlaysizlar, ko‘klarga ko‘tarasizlar.

Avazxon Rajabov ham o‘z fikrini qo‘shib ketdi:
— Opera kam beriladi, deyish noto‘g‘ri. Demak, ayb sizda. Faqat televizor orqali ko‘rasizmi dunyoni? Opera eshitmoqchimisiz, marhamat, teatrga boring. Hammasi jonli ijro, buning ustiga, o‘zbekcha ariyalar.

Fikrimni Feruza Ajimetovaning tanqidi bilan yakunlamoqchiman:
Yana bir gap: nimaga opera deganda faqat baqirishni nazarda tutasizlar? Operada baqirilmaydi, kuylanadi. Buni tushunish uchun, operani dildan his qilish uchun ham aql, bilim, madaniyat kerak.

Shu kundan aqlli, bilimli va madaniyatli bo‘la boshlaganimdan xursandman.

Comments

Кўп ўқилган мақолалар

Барибир фойдаси йўқ! (Ҳажвия)

Мухлислар, уйғонинг!