DEMOKRATIYA TALAB QILGAN “BOLA”


Vatan haqida ko‘p gapirilmaydi. Vatan har bir insonning qalbida, yuragida jo bo‘ladi. Uni ommaga jar solish shart emas. Ommaga jar solingan muhabbat soxtalikdan va o‘zini ko‘rsatishdan boshqa narsa emas.


“Kamolot”da mehmonda” mega-loyihasi ish boshlaganidan deyarli barchaning xabari bor deb o‘ylayman. Shu loyiha doirasida har payshanba kuni (26-aprelgacha) mashhurlar bilan saytimiz forumida on-layn muloqot tashkil etilmoqda. Shu muloqotlarning birida juda qiziq (aslida ahmoqona) holat yuzaga keldi. Zalda o‘tirganlardan ham savollar qabul qilinishini inobatga olib, bir talabaga so‘z berildi. Ko‘rinishidan tuppa-tuzuk bolaga o‘xshardi: qora kostyum-shimda, oq ko‘ylagiga chiroyli galstuk taqqan. Lekin birinchi taassurot har doim aldamchi bo‘lishiga shu kuni yana bir karra amin bo‘ldim.

O‘sha bola mehmonlarga qarata, dabdurustdan “tuhmat” qilishga tushdi: “Sizlar Vataningizni sevmaysiz! Shuning uchun Vatan haqida savollar ham bermaysiz! Vatanim uchun jonim fido qilaman, deysiz-u, lekin aslida unday emas”. U shunday deb tiz cho‘kdi va Vatanini sevishini baqirib, e’tibor bering, baqirib aytdi. So‘ng zalga yig‘ilgan yoshlarga qarab, “Bularning hammasi rasmiyatchilik xolos, aslida bizni bir tiyinga olishmaydi”, dedi. U bu so‘zlarini ovozini baland ko‘targancha aytardi.

Bu vaqt oralig‘ida zalda o‘tirgan bir-ikki mard yigit (Vatani haqida bunday ahmoqona gap eshitgan har bir mardning ishi bu aslida) uni sudrab, tashqariga olib chiqib ketishdi. Talaba “Bizda demokratiya bor emasmidi?” degancha zalni tark etdi. Mehmonlarimiz (Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi rahbari — Muhammadjon Quronov, O‘zbekiston xalq artistlari — Jumadulla Rametov va Saida Rametova, “Nihol” mukofoti sovrindorlari — Otabek Mutalxo‘jayev hamda Malika Egamberdiyeva) avvaliga bu talabaning savoliga, iddao va muddaosiga tushunmadilar. U bu bilan mehmonlarni haqorat qildimi, zaldagilarni behurmat qildimi, yoki o‘zi qaysidir guruh ta’siriga tushgan bolamidi, aniq bilib bo‘lmadi. Shunisi aniq ediki, bu talaba hammani mot qilaman, lol qoldiraman, bitta gap bilan ovozlarini o‘chirib qo‘yaman, demoqchi edi (bu qadar ahmoqgarchilikni, madaniyatsizlikni endi ko‘rishim).

Zalda shovqin ko‘tarilgandek bo‘lganda Muhammadjon Quronov hammani tinchlatdi:

— Bu bolaning nima demoqchiligini bilamdim-u, lekin Vatanni sevish uchun ommaning oldida tiz cho‘kish va baqirib, jar solish shart emas. Bu riyokorlikka o‘tib ketadi. Vatan haqida jar solib, xalq nomidan gapirishga aslida faqatgina Prezidentimiz to‘la haqlilar, xolos!

Shu qadar xotirjamlik va samimiyat bilan aytilgan ushbu so‘zlar uchun zalda qarsak yangradi.

Bo‘lgan voqea shu. Endi biroz mulohaza qilsam. Bu bola nima maqsadda bunday noma’qulchilikka qo‘l urdi? Uni nima yoki kimlar majbur qildi? Bu jumboqlarning yechimi bizga qorong‘u. Lekin rasmiyatchilik degan joyi kaminaga unchalik yoqmadi. Axir bu on-layn muloqot, unda faqat zalda o‘tirganlar qatnashmaydi. Bu muloqot butun O‘zbekiston bo‘ylab yoshlarni qamrab olmoqda (statistikani tekshirib olishingiz mumkin). Qolaversa, xorijiy davlatlardagi o‘zbeklar ham, xorijiy shaxslar ham o‘z savollari bilan ishtirok etishmoqda (bunda ham “Facebook” va “Twitter” ijtimoiy tarmoqlari statistikasini tekshirib olishingiz mumkin).

Endi bir savol tug‘iladi: bu talaba on-layn so‘zining ma’nosini tushunarmikan? Internet nimaligini bilarmikan? Bilganda shunday gaplarni aytarmidi?

Yana bir mulohaza: Vatan haqida shunday jar solib gapirishni men o‘zimga ep ko‘rmayman. Chunki bu rostdan ham riyokorlikka, o‘zini ko‘rsatishga kiradi. Tashqaridan qaragan odamga ham umuman g‘alati tuyuladi. Tasavvur qiling, siz hammaga baqirib yuribsiz: “Men Vatanimni sevaman! Sizlardan ko‘proq sevaman! Vatanim uchun jonimni beraman!” Bu sog‘ odamning gapimi?

O‘sha talaba Forum nihoyasida yana zalda paydo bo‘ldi. O‘zini tanishtirdi (endi esiga tushib qoldi):
— Men Surxondaryodan kelgandim. Qishloq odami bo‘lganim uchun madaniyatsizlik qildim. Surxondaryoliklar shunaqa bo‘lishadi. Madaniyatsizlik bilan rostini aytib turaverishadi. Sizlardan kechirim so‘rayman.

Bu gaplar o‘ziniki emas. Bu aniq. Surxondaryoliklarni haqorat qilaganini qanday tushunish kerak? Nahotki o‘z Vatanini sevadigan odam vatandoshlarini “madaniyatsiz” deb atay olsa? Yurtboshimiz surxondaryoliklarni qanday ta‘riflaganini eshitmaganmi bu bola (qayerdan eshitsin, axir u Vatanini “sevish” bilan ovora-ku)?

Lekin shu yerda O‘zbekiston xalq artisti Saida Rametova yaxshi bir gap bilan bolaning bilimsizligini hammaga isbotlab berdi:

— Surxondaryodan Usmon Azimdek odamlar chiqqan, bola!

Bo‘ldi! Bu yog‘iga endi biron so‘z ortiqchalik qiladi. Har bir odam o‘z Vatanini sevishi kerak, lekin tilda emas, dilda! Sevaman deb jar solganlardan esa ehtiyot bo‘lish kerak. O‘sha odamni, iloji bo‘lsa, to‘g‘ri yo‘lga solish lozim. Nima demoqchiligimni tushungandirsiz, aziz tengdoshim!

Zahiriddin Bobur

Comments

Кўп ўқилган мақолалар

Барибир фойдаси йўқ! (Ҳажвия)

Мухлислар, уйғонинг!