Diktofon orqali sevgi izhori haqida
Operani yoqtirmasdim, ochig‘i. Nimasi
qiziq, derdim. Sahnaga chiqvolib, birov tushunmagan tilda baqirishadimi-yey,
xayol qilib yurardim o‘zimcha. Bu fikrlarimga aks-javobni mashhur operachi
Feruza Ajimetovadan oldim. So‘ramadim, o‘zi aytdi.
9-iyul kuni Yoshlar ijod saroyida
“Kamolot”da mehmonda” loyihasi doirasida “Kamolot” — jonli ijro tarafdori”
mavzusida on-layn muloqot bo‘lib o‘tdi. Hozir mana shu muloqot haqida ozroq
gaplashamiz. Aminmanki, sizning ham fikringiz ijobiy tomonga o‘zgaradi.
Avvalo, san’atimizda jonli ijroning
defitsit bo‘lib borayotgani dolzarb masala. Bu muammoning masala sifatida
ko‘tarilishi ham ayni muddao bo‘ldi. Aniqrog‘i, opera ijrochilarimiz ichidagi
dardlarini ham to‘kib soldilar. Savol-javob va mulohazalardan bir qancha
misollar keltiramiz. Aytgancha, mehmonlarni eslatib ketsam: O‘zbekiston xalq
artisti Avazxon Rajabov, mashhur operachilar Nosir Yusupov, Feruza Ajimetova va
Barno Ismatullayeva.
— Jonli ijro va fonogramma sahnada
qanday farqlanadi? Qanday kechinmalar orqali tafovutini aniqlash mumkin?
Bu savolga Avazxon Rajabov chiroyli
tarzda javob berdi:
— Jonli ijro — real voqelik, siz
hozir ko‘rib, eshitib turgan hodisot. Fonogramma esa balki bir necha oy oldin,
ehtimol yillar avval yozib olingan ijro, ovoz hisoblanadi. Fonogramma paytida
miya va yurak faoliyati ikki xil harakat qiladi. Masalan, bir yigit o‘z sevgan
qiziga “Men sizni sevaman” deb diktofon orqali yozib, sevgi izhor qilgani
yaxshimi yoki oldiga borib, gul berib, hissiyot ila shu jumlalarni aytgani
ma’qulmi? Eng katta farqi shunda.
Shu joyiga Nosir Yusupov qo‘shilib
ketdi:
— Men ham fikrimni bildiray.
Menimcha, bizni televideniye va internet orqali hamma ko‘radi. Dardlarimni
aytib qolay (kuladi). Hozir juda achinarli ahvolga kelib qoldik. Falon
san’atkor jonli ijroda kuylarkan desa, hayron qoladigan bo‘lganmiz. Aslida bu
hayratlanarli emas, bu ularning ishi, shu orqali nonini halollab yeydi, topadi.
Nega operachilar televizorda kam chiqadi, deysizlar. Bizni televizorda
chiqadigan xonandalar bilan solishtirmang, bu umuman noto‘g‘ri. Rostini
aytganda, bunga tomoshabin ham aybdor. Shunday ashulachilarni olqishlaysizlar,
ko‘klarga ko‘tarasizlar.
Avazxon Rajabov ham o‘z fikrini
qo‘shib ketdi:
— Opera kam beriladi, deyish
noto‘g‘ri. Demak, ayb sizda. Faqat televizor orqali ko‘rasizmi dunyoni? Opera
eshitmoqchimisiz, marhamat, teatrga boring. Hammasi jonli ijro, buning ustiga,
o‘zbekcha ariyalar.
Fikrimni Feruza Ajimetovaning
tanqidi bilan yakunlamoqchiman:
— Yana
bir gap: nimaga opera deganda faqat baqirishni nazarda tutasizlar? Operada baqirilmaydi,
kuylanadi. Buni tushunish uchun, operani dildan his qilish uchun ham aql,
bilim, madaniyat kerak.
Shu kundan aqlli, bilimli va
madaniyatli bo‘la boshlaganimdan xursandman.
Comments
Post a Comment