DEMOKRATIYA TALAB QILGAN “BOLA”
Vatan haqida ko‘p gapirilmaydi.
Vatan har bir insonning qalbida, yuragida jo bo‘ladi. Uni ommaga jar solish
shart emas. Ommaga jar solingan muhabbat soxtalikdan va o‘zini ko‘rsatishdan
boshqa narsa emas.
“Kamolot”da mehmonda”
mega-loyihasi ish boshlaganidan deyarli barchaning xabari bor deb o‘ylayman. Shu loyiha doirasida har payshanba kuni
(26-aprelgacha)
mashhurlar bilan saytimiz forumida on-layn muloqot tashkil etilmoqda. Shu
muloqotlarning birida juda qiziq (aslida ahmoqona) holat yuzaga keldi. Zalda
o‘tirganlardan ham savollar qabul qilinishini inobatga olib, bir talabaga so‘z
berildi. Ko‘rinishidan tuppa-tuzuk bolaga o‘xshardi: qora kostyum-shimda, oq
ko‘ylagiga chiroyli galstuk taqqan. Lekin birinchi taassurot har doim aldamchi
bo‘lishiga shu kuni yana bir karra amin bo‘ldim.
O‘sha bola mehmonlarga qarata,
dabdurustdan “tuhmat” qilishga tushdi: “Sizlar Vataningizni sevmaysiz! Shuning
uchun Vatan haqida savollar ham bermaysiz! Vatanim uchun jonim fido qilaman,
deysiz-u, lekin aslida unday emas”. U shunday deb tiz cho‘kdi va Vatanini
sevishini baqirib, e’tibor bering, baqirib aytdi. So‘ng zalga yig‘ilgan
yoshlarga qarab, “Bularning hammasi rasmiyatchilik xolos, aslida bizni bir
tiyinga olishmaydi”, dedi. U bu so‘zlarini ovozini baland ko‘targancha aytardi.
Bu vaqt oralig‘ida zalda o‘tirgan
bir-ikki mard yigit (Vatani haqida bunday ahmoqona gap eshitgan har bir
mardning ishi bu aslida) uni sudrab, tashqariga olib chiqib ketishdi. Talaba
“Bizda demokratiya bor emasmidi?” degancha zalni tark etdi. Mehmonlarimiz
(Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi rahbari — Muhammadjon Quronov,
O‘zbekiston xalq artistlari — Jumadulla Rametov va Saida Rametova, “Nihol”
mukofoti sovrindorlari — Otabek Mutalxo‘jayev hamda Malika Egamberdiyeva)
avvaliga bu talabaning savoliga, iddao va muddaosiga tushunmadilar. U bu bilan
mehmonlarni haqorat qildimi, zaldagilarni behurmat qildimi, yoki o‘zi qaysidir
guruh ta’siriga tushgan bolamidi, aniq bilib bo‘lmadi. Shunisi aniq ediki, bu
talaba hammani mot qilaman, lol qoldiraman, bitta gap bilan ovozlarini o‘chirib
qo‘yaman, demoqchi edi (bu qadar ahmoqgarchilikni, madaniyatsizlikni endi
ko‘rishim).
Zalda shovqin ko‘tarilgandek
bo‘lganda Muhammadjon Quronov hammani tinchlatdi:
— Bu bolaning nima demoqchiligini
bilamdim-u, lekin Vatanni sevish uchun ommaning oldida tiz cho‘kish va baqirib, jar
solish shart emas. Bu riyokorlikka o‘tib ketadi. Vatan haqida jar solib, xalq nomidan gapirishga aslida
faqatgina Prezidentimiz to‘la haqlilar, xolos!
Shu qadar xotirjamlik va samimiyat bilan
aytilgan ushbu so‘zlar uchun zalda qarsak yangradi.
Bo‘lgan voqea shu. Endi biroz
mulohaza qilsam. Bu bola nima maqsadda bunday noma’qulchilikka qo‘l urdi? Uni
nima yoki kimlar majbur qildi? Bu jumboqlarning yechimi bizga qorong‘u. Lekin
rasmiyatchilik degan joyi kaminaga unchalik yoqmadi. Axir bu on-layn muloqot, unda
faqat zalda o‘tirganlar qatnashmaydi. Bu muloqot butun O‘zbekiston bo‘ylab
yoshlarni qamrab olmoqda (statistikani tekshirib olishingiz mumkin). Qolaversa,
xorijiy davlatlardagi o‘zbeklar ham, xorijiy shaxslar ham o‘z savollari bilan
ishtirok etishmoqda (bunda ham “Facebook” va “Twitter” ijtimoiy tarmoqlari
statistikasini tekshirib olishingiz mumkin).
Endi bir savol tug‘iladi: bu talaba
on-layn so‘zining ma’nosini tushunarmikan? Internet nimaligini bilarmikan?
Bilganda shunday gaplarni aytarmidi?
O‘sha talaba Forum nihoyasida yana
zalda paydo bo‘ldi. O‘zini tanishtirdi (endi esiga tushib qoldi):
— Men Surxondaryodan kelgandim.
Qishloq odami bo‘lganim uchun madaniyatsizlik qildim. Surxondaryoliklar shunaqa
bo‘lishadi. Madaniyatsizlik bilan rostini aytib turaverishadi. Sizlardan
kechirim so‘rayman.
Bu gaplar o‘ziniki emas. Bu aniq.
Surxondaryoliklarni haqorat qilaganini qanday tushunish kerak? Nahotki o‘z
Vatanini sevadigan odam vatandoshlarini “madaniyatsiz” deb atay olsa?
Yurtboshimiz surxondaryoliklarni qanday ta‘riflaganini eshitmaganmi bu bola
(qayerdan eshitsin, axir u Vatanini “sevish” bilan ovora-ku)?
Lekin shu yerda O‘zbekiston xalq
artisti Saida Rametova yaxshi bir gap bilan bolaning bilimsizligini hammaga
isbotlab berdi:
— Surxondaryodan Usmon Azimdek odamlar chiqqan, bola!
Bo‘ldi! Bu yog‘iga endi biron so‘z
ortiqchalik qiladi. Har bir odam o‘z Vatanini sevishi kerak, lekin tilda emas,
dilda! Sevaman deb jar solganlardan esa ehtiyot bo‘lish kerak. O‘sha odamni,
iloji bo‘lsa, to‘g‘ri yo‘lga solish lozim. Nima demoqchiligimni tushungandirsiz,
aziz tengdoshim!
Zahiriddin Bobur
Comments
Post a Comment